Farg‘onada aholi kommunal to‘lovlar uchun pul to‘lashda sarson bo‘lmoqda



Farg‘ona viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filialining Farg‘ona shahri uchastkasida kassa oldidagi tirbandlik, uzundan uzun navbatlar hafsalani pir qiladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Yuzdan ziyod iste’molchi to‘lovlarni amalga oshirish, hisob-kitob qilish uchun o‘z navbatini kutib turibdi. “O‘ztransgaz“ aksiyadorlik jamiyatining uch nafar xodimi hisob-kitob uchun mas’ul qilib biriktirilgan bo‘lib, ular aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Bu yerda “Ipotekabank” aksiyadorlik tijorat bankining Farg‘ona filiali shoxobchasi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ikki nafar xodimning qo‘li-qo‘liga tegmaydi.


 

— Ikki soat bo‘ldi kelganimizga, hali ham navbatimiz kelgani yo‘q, — deydi Inobat Dadajonova. — Tabiiy gaz to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab qo‘ygani kelsak ham, soatlab vaqtimizni yo‘qotamiz. Bu yerdagi holatni, asabbuzarlikni bir ko‘rsangiz edi. Hamma ham gaz, elektr energiya uchun pulni to‘lab, xotirjam o‘tirgisi keladi.

Avval ham aynan mazkur muammolar haqida tanqidiy maqola beril, o‘shandan keyin bu yerda vaziyat ancha yaxshilanib, Qirguli va A.Qodiriy mavzelarida bankning maxsus kassalari tashkil etilgan edi. Vaqt o‘tib esa, yana o‘sha muammolar paydo bo‘ldi. Farg‘ona viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filialining Farg‘ona uchastkasi boshlig‘i Doniyorjon Teshaboyevning aytishicha, “Ipotekabank” tomonidan ikki maxsus kassaning faoliyati tugatilgani uchun shunday vaziyat yuzaga kelgan.
 

— Yangi yildan boshlab, shahrimizdagi ayrim gaz bosimi past bo‘lgan hududlarda ham holat ancha yaxshilandi, — deydi D.Teshaboyev. — Ayni paytda 81 mingdan ortiq iste’molchiga xizmat ko‘rsatib kelmoqdamiz. Uchastkamiz tomonidan aholi xonadonlariga uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berish, aholi muammolarini hal etish tadbirlarini ko‘rmoqdamiz.

“Ipotekabank” Farg‘ona filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari U.To‘xtasinovning aytishicha, tizimdagi samarasiz, zarar bilan ishlayotgan Farg‘ona shahridagi 4 ta maxsus kassalar tugatilgan ekan. Xususan, Qirgulidagi 14-sonli maxsus kassa ham shunday bo‘ldi.

Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida ko‘plab tijorat banklarining filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, tabiiy gaz va elektr ta’minoti korxonalariga “Sanoatqurilishbank” xizmat ko‘rsatadi. Ammo negadir boshqa banklar aholidan kommunal to‘lovlarni olish borasida befarq bo‘lmoqda. Natijada esa aholi sarson bo‘lmoqda. Majburiy ijrosi byurosi viloyat boshqarmasi ham bu borada tijorat banklari bilan hamkorlikda iste’molchilar uchun qulayliklar yaratish tadbirlarini ko‘rishi kerak.

 


Ushbu maqolani do'stlaringizga ham tarqating, ular ham o'qib chqishsin.
Имя:
Email:
Код: