“O‘zbekenergo” AJ: Yunusobodda sinov tariqasida yangi tizim yo‘lga qo‘yildi



Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-noyabrdagi “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida”gi 897-sonli qarorinig ijrosini taminlash maqsadida joriy yilning birinchi yarim yilligida “O‘zbekenergo” AJ tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod tumanida tajriba tariqasida, aholi iste’molchilari tomonidan foydalangan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar o‘rnatilgan me’yor asosida amalga oshirilmoqda.
 

Ya’ni joriy yilning 1-yanvaridan boshlab, iste’molchilar oy davomida foydalanilgan 300 kVt soat (o‘rnatilgan me’yordan) elektr energiyasi uchun to‘lovlarni aholi uchun belgilangan tarif bo‘yicha, 300 kVt soatdan ortiq qismi uchun esa belgilangan tarifga 1,2 baravar oshirilgan koeffitsiyentini qo‘llagan holda amalga oshiriladi.

Bundan maqsad, iste’molchilar tomonidan elektr energiyasidan tejamkorlik bilan va oqilona foydalanishni targ‘ib etish va bu orqali yagona elektr energetika tizimining maksimum yuklamali soatlarida yuklamani kamaytirish hamda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashga erishishdir.

Bugungi kunda aholining turmush sharoiti yaxshilanishi natijasida maishiy elektr jihozlaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda.

Agarda, 2000-yilda bitta aholi iste’molchisining o‘rtacha oylik iste’moli 114 kVt soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2018-yilda bu ko‘rsatkich 75 foizga o‘sib, o‘rtacha oylik iste’mol 200 kVt soatni tashkil etgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2030-yilga borib aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji 2018-yilga nisbatan 1,5 martaga o‘sishi kutilmoqda.

Iste’molchilar tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarning o‘rnatilgan me’yor asosida amalga oshirilishini Respublika miqyosida keng tatbiq etish bo‘yicha yakuniy qaror, joriy yilning birinchi yarim yilligi yakuni bilan Toshkent shahar Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tajriba natijalariga ko‘ra qabul qilish rejalashtirilgan.

“O‘zbekenergo” AJ matbuot xizmati


Ushbu maqolani do'stlaringizga ham tarqating, ular ham o'qib chqishsin.
Имя:
Email:
Код: